Dunyo manzilining oxiri

Nafisani qarg'adilar:
- O'ynashi bilan yotgan ekan, sharmanda! O'ldirgan odam savobga qolibdi...
Sanjarni la'natladilar:
- Suyuqoyoqqa ilakishib yurgan ekan, yigit o'lgur. To'rt bolasi ko'ziga ko'rinmabdi-da...
Bu gaplarga, xulosalarga hali fursat bor.
Hozir esa... militsiya telefoni jiringlaydi. Navbatchi leytenant qulog'iga tutadi. So'ng xirildoq ovozli odam Allo, qizimni o'ldirib ketishibdi, deydi-yu, ho'ngrab yig'laydi. O'zini yig'idan to'xtatolmagan tarzda manzilni arang ma'lum qiladi.
Jinoyatga oid qidiruv bo'liminig inspektori kapitan Omonullo Yigitaliev tish og'rig'idan ezilib o'tirganida unga ikki odamning o'ldirilgani haqidagi xabarni yetkazdilar. Do'xtirga kirib kelaversam bo'larkan, deb o'yladi u ma'lumotlarni yozib olgach. Omonulloning ayrim harakatlariga qarab hayron qolish mumkin. Qurolli jinoyatchiga yuzma-yuz bo'lishdan, otib tashlar yoki pichoq urar, degan xavotirdan yiroq bu odam em ignasidan qo'rqardi. Tish tabibi-ku uning ko'ziga Azroil kabi ko'rinar, nazarida u tishni emas jonni sug'urib oladiganday bo'lardi. Ikki kundan beri jag' tishi zirqiraydi. Ikki kundan beri mo'jiza kutadi: og'riq o'z-o'zidan to'xtar, deb umid qiladi. Bu tun og'riq zabtiga olganda tong otishi bilan borib shartta sug'irtirib tashlayman, deb qasd qildi. Tong otdi. Ahdiga vafo qilib tish tabibiga bordi. Ammo uning shijoati, dadilligi tabib xonasining ostonasiga qadar yetdi. Birpas nafasimni rostlay, deb o'zini o'zi aldab, oromkursiga o'tirdi. U kabi botirlar hali tabibga yetib kelmagan, qabulxonada uning o'zi tizzasi qaltiragan holda o'tirardi. Tabib qiya ochiq eshikdan qarab-qarab qo'yib, oxiri ostonaga keldi-da, menga kirmoqchimisiz? deb so'radi. Omonullo beixtiyor ravishda bosh chayqab, yo'q dedi. So'ng ajablangan tabibga qarab o'rtog'imni kutyapman, deb izoh berdi. Nazarida tabibni ko'rishi bilan tish og'rig'i to'xtaganday bo'ldi. Tabib joyiga qaytishi bilan u o'rnidan turdi. Xuddi tabib yana qaytib, qani bu yoqqa yurchi, deb zo'rlaydiganday tez-tez yurib tashqariga yo'l oldi. Ishxonasiga yetib kelishi bilan og'riq yana o'z zulmini o'tkaza boshladi. Ana shu paytda telefon jiringlab uni qotillik sodir bo'lgan manzilga da'vat qildi.
Omonullo prokuratura vakili bilan uy yo'lagida uchrashdi. Dum-dumaloq ko'zlari kibr bilan boquvchi, sochlari silliq taralgan, sarg'ish qaldirg'och mo'ylovi o'ziga yarashmagan bu yigitni shahar prokuraturasida dastlab ko'rganida ish bilan kelgan ashulachi bo'lsa kerak, deb o'ylagan edi. Ikkinchi marta ko'rganida kim ekan, deb surishtirib, kimning o'g'li ekanini bilgach, ishqilib shunga ro'para bo'lmay, deb niyat qilgan edi. O'shanda farishtalar teskari duo qilishganmi, mana, bugun unga ro'para bo'lib turibdi. Omonullo o'zidan ancha yosh bo'lgan bu yigitdan salom kutib yanglishdi. Unga yaqinlashib, o'zini tanitdi.
- Men shahar prokuraturasidanman. Mels Abdullayevich Xo'jayev, - dedi yigit qo'l uzatib.
- Taniyman sizni, - dedi Omonullo iltifotsiz ohangda.
- Ishni mening nazoratimda yuritasiz, - dedi Mels unga buyruq ohangida.
Agar tishi zirqirab turmaganida ensasi qotganini yashirmay, odatiga xilof qilmagan tarzda qulingiz bo'layin, degan mazmunda piching toshi otishi tayin edi. Hozir bu oliftaga shu pichingni ham ravo ko'rmay qoshini chimirib qo'ya qoldi.
Zinadan ko'tarilishgan sayin dimoqlariga yomon hid urilib, ko'ngillarini behuzur qila boshladi. Omonulloga bunday hid tanish. Sasib yotgan murdalarni birinchi ko'rishi emas. Mels Xo'jayevning esa ko'ngli behuzur bo'lib cho'ntagidan ro'molcha chiqarib burnini berkitdi. Bunaqa ishga endi ro'para bo'lishidir, - deb o'yladi Omonullo. - Lekin bu oliftaligiga qaraganda yuzinchi marta ro'para bo'lsa ham burnini jiyiraveradi. Bunaqa yigitlarga do'konda qizlarning siynabandini sotib o'tirish yarashadi.
Omonullo o'z aqli, bilimi bilan o'qib, ishda ham o'z farosati, tajribasiga suyanib yurgani uchun falonchining o'Qliman yoki jiyaniman, deb tirgovichlar yordamida o'qigan, suyanchiqlar ko'magida ishlab, nodir mutaxassis sifatida amal poQonalariga ko'tariladigan nusxalarni yoqtirmas edi. Mels Xo'jayevni shu toifadan deb bilib, hali uning aqli farosatidan xabar topmayoq, ensasi qotdi. Bepisand tarzda ishni mening nazoratimda yuritasiz, deyishi farosat darajasini o'lchash uchun kifoya qildi. Iriy boshlagan murdalar yotgan xonaga kirayotib Omonullo Ey Xudo, shu dumbulboyvachchaga ro'para qilguncha qolgan o'ttizta tishimni ham oQrita qolsang ming marta yaxshi edi, deb qo'ydi.
Erkakning murdasi hammom eshigi ostonasida, ayolniki esa oshxonada yotardi. Mels Xo'jayev erkakning murdasi ustidan hatlab oshxonaga o'tdi-da, suratga olayotgan kishiga qarab:
- Murdalarni joyidan jildirmadingizmi? - deb so'radi.
Bu savoldan ajablangan suratchi yelka qisib qo'yib, Omonulloga qaradi. Uning ajablangani bejiz emas: shu sohada qirq yildan beri ishlayotgan bo'lsa hali biron marta murdani yotgan joyidan jildirmagan, boshqalardan bu kabi tanbehnamo savolni eshitmagan ham edi. Omonullo xo'p deyaverasiz-da, endi deganday ko'z qisib qo'ydi.
- Har bir buyumdagi barmoq izlarini olinglar. Qo'shnilarni so'roq qiling. Sinchiklab ishlanglar. Men o'zimda bo'laman, kirib o'tarsiz.
Mels Xo'jayev shunday deb ko'rsatmalar bergach, tez-tez yurib chiqdi. Turli jinoiy ishlar bo'yicha Omonullo bilan birga ish yuritadigan guruh a'zolari uning bu qilig'idan noroziliklarini yashirmay bir-birlariga savol nazari bilan qarab qo'ydilar. Omonullo e'tibor bermanglar, deganday qo'l siltab, ayol murdasi ustiga choyshab yopayotgan tibbiy ekspertga yuzlanib so'radi:
- O'ldirilganiga uch kun bo'lgandir?
- Ha, ikki-uch kun orasida. Ikkovi ham bir xilda pichoqlanibdi.
- Bir xilda?
- Ha, aniqroq xulosani yorib ko'rganimizdan so'ng aytaman. Hozir olib ketaveraylikmi?
Omonulloning ruxsati bilan murdalar choyshabga o'ralib olib chiqib ketildi. Shundan so'ng Omonullo depara militsiyasidanman, deb o'zini tanishtirgan yigitdan kim xabar qilibdi, bildingizmi? deb so'radi.
- Marhumaning otasi. Ichkari uyda o'tiribdi. Alamdan kuyib ketyapti.
- Bolasi bo'lgandan keyin kuyadi-da. Otamlatsang otamlatgin, bo'tamlatmagin, - Omonullo shunday deb beixtiyor jag'ini ushladi.
- Nima dedingiz, tushunmadim? - dedi yigit.
- Shunaqa maqol bor, - dedi Omonullo og'riqdan aftini burishtirib.
- Tishingiz og'riyaptimi? Bugun o'zi g'alati kun bo'ldi. Mening boshim og'riyapti.
- Tishim og'riganda oldirib tashlovdim, - dedi Omonullo, yigitning izidan katta xonaga kirib.
Deraza tokchasiga tirsagini tiraganicha boshini changallab o'tirgan Toshbolta Omonulloning ovozini eshitib, orqasiga qaradi.
- Bandalik ekan, otaxon, Xudo sizga sabr bersin,- dedi Omonullo u bilan ko'risha turib.
Toshbolta yaqin odamidan hamdardlik so'zlarini eshitganday avval lablari titradi, so'ng ho'ngrab yubordi. Omonullo uni yelkasidan quchib, bardam bo'ling, deb qo'ydi.
Toshbolta ovunguniga qadar xonaga nazar tashladi: televizor ustidagi surat uning diqqatini tortdi. Go'zal juvon yonidagi malla odamdan nari qochmoqni ixtiyor etib, o'ng tomoniga surilmoqchiga o'xshab o'tiribdi. Ko'zlariga baxtiyorlik emas, loqaydlik muhrlangan. Malla odam esa go'zal juvonga yaqinlashish istagida boshini u tomon sal egib olgan. Bular kim bo'ldi? - deb o'yladi Omonullo. - O'ldirilgan juvonmi? Yonidagisi-chi? O'lgan erkak malla emasdi, yoshroq ham edi...
- Qizingizmi bu? - deb so'radi Omonullo, Toshbolta yig'idan to'xtagach.
- Ha, - dedi Toshbolta xo'rsinib.
- Yonidagi-chi?
- U... kuyov, eri...
- Eri? Qaysi? - Omonullo shunday deyishga deb, nojo'ya savol berganini darrov fahmladi. Yaxshiki Toshbolta garangsib turgan edi. Yo'qsa, bu savolni eshitib nima demoqchisan? Qizimning o'nta eri bormi?! deb bobillab berishi tayin edi. Omonullo chalg'imaslik uchun gapni maromiga to'g'riladi:
- Demak, bu kishi kuyovingiz. O'ldirilgan-chi? U kim?
- Tanimayman u buqachani! - dedi Toshbolta zarda bilan.
Buqacha? Nega unaqa deyapti? Qizining o'ynashimi u? Balki bu odam faqat qizining o'limidangina emas, nomus azobidan ham ezilayotgandir? Bechora...
Shu fikrda Toshboltaga astoydil achindi. O'lim - haq. Rizq qirqilgan ekan, iloj yo'q. Ota bir kunmi, bir yilmi kuyar, oqibat dard sovib, taqdiriga tan berar. O'z umri shomining ham yaqinlashib qolganini fahm etib, farzandi bilan u dunyoda ko'rishmoq orzusida yashar. Lekin o'ynashi bilan birga o'ldirilibdi, degan isnod o'ti sovumas, to joni chiqquniga qadar yurak-bag'rini kuydirib xarob qilar.
Shunday fikrdagi Omonulloning unga rahmi kelardi.
O, g'ofil banda! O'z qiziga o'lim eshiklarini ochib bergan zot aynan ana shu odam ekanini bilsami edi, unga achinmas, bil'aks, nafrat o'qlarining barini unga sochgan bo'lardi.
Dunyodagi odam zotining qarichi bir-biriga mos kelmaydi. Barmoq izlarining ham o'xshashi yo'q. Shu kabi baxt haqidagi tushunchalar ham bir-biriga o'xshamaydi. Agar baxt o'lchovli narsa bo'lsa edi, uni har kim o'z qarichi bilan o'lchaydi, demoq mumkin edi. Agar baxt ko'zga ko'ringuvchi narsa bo'lsa edi, uni har kim o'z ko'zi bilan ko'radi, desak yanglishmas edik. Ayrim odamlar rangni farqlay olmaganlari kabi baxt bilan baxtsizlikning chegarasini bilmaydilar. Mashoyixlar senga asal bo'lib tuyulgan asli zahardir, zahar bo'lib tuyulgani esa asaldir, deb bejiz ogoh etmaganlar.
Bani Odam faqatgina baxt yoki baxtsizlik nima ekanini farqlay olmasa, unchalik ajablanmasa ham bo'lar, farosatsiz, adashgan banda, deb qo'yilar. Ammo oltmish yilga yaqin umr ko'rgani holda nima uchun odam bo'lib tug'ilganini, nima uchun yashayotganini, kaltakesakdan yoki suvarakdan nimasi bilan farqlanishini fahm etmasa, qanday xulosa qilmoq mumkin? Balki bunday kimsalar yorug' jahonda ozdir? Oz bo'lsa-da, shularning biri - hozirgina ho'ngrab yig'lab, bo'zlayotgan ota - Toshboltadir. Balki olam aro yagonadir. Agar shunday bo'lsa, o'sha bittaginasi ham shuning o'zidir.
Omonullo uning ichini qandaydir dard, qandaydir pushaymon kemirayotgandir, deb xayol qildi. Kishida dard, pushaymon bo'lmog'i uchun ham iymon lozimligini esa fahm etmadi. 

Ilohi bandaman, bechoradurman,
Havoyi nafs ila ovoradurman.
Erurman barcha nuqsonimg'a iqror,
Musulmon o'g'li qilmas ishlarim bor...

Bunday demoqlik uchun, bu iqror va tavba uchun Odam bolasiga nechog'lik iymon zarur?
Omonullo buni bilmaydi. Aniqroq aytilsa, bunday tushunchadan u ham yiroq.
Toshboltadagi iymon darajasini aniqlashga banda ojiz. Bu balki qabrga kirganda, balki qiyomatda aniq bo'lar, vallohi a'lam...
Ayni choqda u kuyib yig'ladi. Shu oqibatga olib keluvchi muqarrar bo'lgan yo'lni o'zi tanlaganini esa o'ylamasdi. Hozir dard ichida shundaydir dersiz? Balki... Ammo haqiqat shuki, dard sovuganidan so'ng ham o'ylamaydi buni. Qizimga o'zim o'lim hukmini yozganman, demaydi.
Tursunalining osh-ovqatini pishirib yursa ham kam bo'lmas edi. Qo'shmachilik qilishiga balo bormidi? O'z qizining nomusini nafsi uchun qurbon qiluvchi otalarni nima uchun yer yutmaydi ekan? Bundaylarni yer bag'riga olmoqdan hazar qilar, oqibatda bundaylardan hatto do'zax olovi ham nafratlanar...
Toshbolta xojasining nafsi buzuqligidan foydalanib, uni qizining nomusi evaziga jilovlab olishni xayol qilgan edi. Bunga erishganday bo'ldi ham. Bir isqirtga xotin bo'lib ko'ylak-ishtonlarini yuvib yurgandan ko'ra, direktorning o'ynashi bo'lib, zebu-zarga burkanib yallo qilib yashagan afzal - Toshboltaning hayotdagi falsafasi shu bo'ldi. Ajabki bu falsafa qiziga ham ma'qul keldi. Tursunalining xumor qarashlariga mast bo'lgan qiz otasi ko'rsatgan yo'lga osongina kirdi.
Jilva bilan chorlagan bu yo'lning oxirida yuragiga pichoq sanchilajagini, qarovsiz iriy boshlagan murdasini choyshabga o'rab olib chiqib ketajaklarini o'shanda o'ylab ko'ribdimi?
Endi diydiyodan ne foyda? Hukm ijro bo'ldi - qilmishga yarasha ajr berildi.
Omonulloga bu xonadon ahlining hayoti qorong'u. Xonadagi horij jihozlarining ko'rkamligiga qarab turib yomon yashashmas ekan, degan dastlabki xulosaga keldi, xolos.
Murdalarga ko'zi tushganida er-xotin ekan-da, deb o'ylagan edi. Darvoqe, unga xabar berib, bu yerga yo'llaganlarida erkak-xotin o'ldirilgan, deyishgan, Omonullo esa buni er-xotin deb tushungan edi. Bu odam esa Buqacha deb turibdi. Demak, o'ynashmi? Unda qotil kim? Erimi?.. Xotinini birov bilan aysh qilib yotganini ko'rib... Balki mana shu otaning o'zidir? Qizining qilig'idan isnodga qolib... Ular o'ynashganmi?.. Ikkovi ham kiyimda... Hatto ayol uy kiyimida emas... Balki endi boshlashmoqchi bo'lishganda...
Omonullo o'ng tomondagi eshik balki yotoqxonadir, degan fikrda o'sha tomon yurdi. Uning maqsadini anglagan Toshbolta Bu yer mening xonam, deb izoh berdi. Bu izohning zamirida bu xonaga kirmaganingiz ma'qul degan maqsad ham mavjud edi. Omonullo bu maqsadni fahmlagan bo'lsa ham, e'tiborsiz tarzda eshikni ochib, ichkariga bir qadam qo'ydi: deraza yonida javon. Guldor gilam xonani enlab turibdi. O'rtada uchta katta jomadon, ikkita bo'g'cha...
- Bular siznikimi? - deb so'radi Omonullo ostonaga yaqinlashgan Toshboltaga o'girilib.
- Ha... bugun yo'ldan keldim.
- Yo'ldan?- Omonullo ajablandi.- Qaysi yo'ldan?
- Oshna-og'aynilar bilan qo'shilib, Irkutskka boruvdim.
- O'ynaganimi?
Omonullo bu yoshdagi odamlarning Sibir tomonlarga o'ynagani bormasligini bilsa ham atay shu savolni berdi. Lekin o'zi kutgan Ha, degan javobni olmadi. Toshbolta jomadonlarga xavotir ko'zi bilan boqdi-da:
- Ozgina pamadori olib bordik. Tomorqadan...- dedi.
- Tomorqadan? Tomorqa... shu uydami?
- Bu uyda tomorqa nima qiladi? Men bu yerda muqim turmayman. Asli cho'lda yashayman. Bu buyumlar meniki emas. Sheriklarimniki. Ichida nimalar borligini ham bilmayman.
- Sheriklaringiz kim edi?
Toshboltaning rostdan ham sheriklari bor edi, ularni nomma-nom aytdi. Omonullo yon daftar chiqarib yozib oldi. Yoza turib ishiga pishiq bu odam. Qizi o'lib yotgan bo'lsa ham, jomadonlarini olib kirib joylashga o'zida kuch topibdi. Qoyilman... Balki boshqa narsalarni ham joylab tashlagandir?.. - deb o'yladi.
- Sheriklaringiz uygacha birga kirishdimi?
- Yo'q, ular shahar aylangani ketishuvdi.
- Demak, biror soatlardan keyin kelib qolishadimi?
- Kim biladi? Balki kelishmas, qishloqqa jo'navorishar.
- Buyumlari-chi?
- Buyumlari tursa turaveradi, sasib ketarmidi?
- Poezdda keldinglarmi yoki samolyotdami?
- Samolyotda bosh aylanadi, ham qimmat. Bizlarga poezd durust.
- Biletni tashlab yubormagandirsiz?
- Biz qishloqi odam, bilet-miletni bilmaymiz. Paravodnik bilan kelishib kelaverganmiz. Ketishda ham shunaqa bo'lgan.
- Pravodnikning otini bilasizmi? Nechanchi vagon?
- Nima, mendan gumon qilyapsizmi? O'z qizimni-ya?!
- Kimdan gumon qilishimni o'zimga qo'yib bering. Eshikni birinchi bo'lib siz ochib kirgansiz, xabarni ham siz bergansiz. Mening odatim shunaqa, ishni shu birinchidan boshlayman. Qaysi vagonda kelgansiz?
- Yettinchi.
- Kuyovingiz qayerda?
- Kuyovim... ishda bo'lsa kerak?
- Ishda? Bular o'ldirilganiga uch kun bo'lgan. Kuyovingiz uch kundan beri ishdami? Kasbi nima kuyovingizning?
- Kuyovim olim. Yoz paytlari bir kun uyda bo'lsa o'n kun tog'da yuradi.
- Geologmi?
- Unisini bilmadim. Lekigin to'g'ri Maskovning o'zi bilan gaplashadigan bola. Tagida vertoleti bor.
- Farzandlari... yo'qmi?
- Yo'q...
- Turmush qurishganiga qancha bo'ldi?
- Ikki-uch yil bo'ldi... Qizim uning ikkinchi xotini. Avvalgisidan ajralib, ancha vaqt xotinsiz yurgan ekan.
Omonullo katta xonaga, undan dahlizga qaytdi. Oshxonaga qaradi. Hamma yoq sarishta. Yaqin orada birov bunda choy ham ichmagan. Omonullo chap tomondagi eshikni ochdi. Yotoqxona ham sarishta. O'rin usti hatto g'ijimlanmagan. Omonullo oshxonadagi ekspertni yoniga chaqirdi:
- O'rin ustini, piyolalarni tekshirish esdan chiqmasin. Eshik qulfini ham ko'rish kerak. Begona kalit tushgan-tushmaganini menga aniqlab berasiz.
Ekspert xo'p deb iziga qaytgach, Omonullo yana Toshboltaga yuzlandi:
- Uyga kirib hech narsaga tegmadingizmi?
- Nimaga tegaman? O'zim bu ahvolda... - dedi Toshbolta yig'lamsirab. - Uka, shu yoshga kirib bir ro'shnolik ko'rmagan odamman. Mening boshimga tushganlar itning boshiga tushmasin. Shu yoshga yetganimda menga ilmang bu qotillikni.
Omonullo bu gapdan achchiqlandi.
- Kim sizga ilyapti?- dedi ovozini balandlatib.
- Hozir-ku ilmassiz... keyin jinoyatchini topolmasangiz men siz uchun tappa-tayyor go'shtman. Bilaman, hali mening hayotimni ham kavlashtirasiz. Qamalib chiqqanimni bilganingizdan keyin osongina menga ilib qo'ya qolsiz. Xudodan qo'rqing, uka, bunday qilmang.
Nima qilay: so'kib beraymi yo tushuntiraymi? deb o'yladi Omonullo. Keyin so'kish ham, tushuntirish ham foydasiz, degan to'xtamga kelib, xuddi hech qanday tuhmatni eshitmaganday so'roqni kelgan joyidan bir maromda davom ettirdi:
- Uyga kirganingizda yozug'liq dasturxonni ko'rgandirsiz. Yoki piyolalar yuvuqsiz bo'lgandir. Shularni yig'ishtirmadingizmi?
- Hech narsaga tegmadim, faqat tilpon qildim, - dedi Toshbolta zardali ovozda.
- Leytenant! - Omonullo shunday deb dahlizda turgan yigitni chaqirdi. Depara vakili chaqiriqqa mahtal turganday shu zahotiyoq ostonada paydo bo'ldi: - Murdalarning shaxsi aniqlandimi?
- Bittasi aniq: Nafisa Boltayeva. 1959 yilda tug'ilgan. Umid kooperativida hisobchi bo'lib ishlaydi. Yigitning cho'ntagidan faqat shu guvohnoma chiqdi, birga ishlashar ekan.
Leytenant shunday deb ko'k muqovali guvohnomani uzatdi. Omonullo guvohnomadagi suratda boqib turgan chehraga qarab ko'rkam yigit ekan, o'ynash bo'lishga arziydi, deb qo'ydi. So'ng yozuvlarni ovoz chiqarib o'qidi: - Faoliyati cheklangan Umid kooperativi. Sanjar Ibrohimov, Bosh direktor o'rinbosari... Tanirmidingiz bu odamni?
- Yo'q,- deb javob qildi Toshbolta to'nglik bilan.
- Leytenant, kooperativga borib xabar qiling. Marhumlarning shaxsini aniqlab, natijasini oqshomda menga yetkazasiz.
Leytenant itoat bilan chiqqach, Omonullo Toshboltadan kuyovi ishlaydigan joyning telefonini so'radi. Toshbolta avvaliga yelka qisdi, so'ng qizil muqovali daftarni varaqlab O harfli sahifani ochdi-da, yuqoriga katta-katta qilib yozilgan raqamlarga barmog'ini bigiz qilib ko'rsatdi:
- Shu bo'lishi kerak. Lekin o'zi tilponda o'tirmaydi, chaqirib berishadi. Qizim shunaqa deganday bo'luvdi.
Omonullo cho'ntagidan olgan ro'molchasi bilan go'shakni ushlab ko'tardi-da, daftarchadagi raqamni terdi. Dam o'tmay Eshitaman, gapiring, degan ayol ovozi keldi.
- Menga Samandar Ochilov kerak, - dedi Omonullo.
- Kim so'rayapti, nima ishingiz bor?
Olim odam ishlaydigan joyda ham shunaqa qo'pol gaplashishadimi?
Shunday deb o'ylagan Omonullo savolga keskinroq javob qildi:
- Men militsiyadanman. Nima ishim borligini o'ziga aytaman.
- Ochilov safarda.
- Qayerda, qachon ketgan?
Ayol darrov javob qaytarmadi. Omonulloning nazarida u kim bilandir gaplashib olganday bo'ldi.
- Iltimos, o'zingizni tanitsangiz, - dedi ayol bir daqiqalik sukutdan so'ng.
Omonullo kimligini aytgach, yana bir necha nafas jimlik hukm surdi. So'ng go'shakdan erkak ovozi eshitildi:
- O'rtoq kapitan, zarur gapingiz bo'lsa, kelib gaplashing. Telefonda aytib bo'lmaydigan ma'lumotlar ham bo'ladi, o'zingiz bilasiz.
Erkak shunday deb manzilni qisqa tarzda tushuntirgach, xayr-ma'zurni nasiya qilib aloqani uzdi.
Omonullo ularning gap ohangidan to'g'ri Maskov bilan gaplashadigan bolaning ishi Davlat siri majmuasiga aloqador ekanini fahmladi. Tagida vertolyoti bor odamni topib gaplashish oson bo'lmasligini ham angladi.
- Qizingizning, turmushi yaxshimidi? Eridan hech nolimasmidi? - deb so'radi Omonullo go'shakni joyiga qo'ygach.
- Nimaga noliydi? Uyi bor, usti but, qorni to'q...
- Farzand-chi?
- Farzandmi?.. Kuyovning ishlariga halaqit berar ekan. Bu ishlari ham to'g'ri: itvachchalarni ko'paytirishning nima keragi bor?
Omonullo bu gapni eshitgach, etlari jimirlashib ketdi. Bu asli odammi yo molmi? - deb o'yladi unga tikilib qarab. - Mol ham nasl qolirishga o'zida tabiiy ehtiyoj sezadi. O'ziga nabira bo'lishi mumkin go'dakni itvachcha deyishi... Yo shu kuyovdan tug'ilgan bola itvachcha bo'ladi, demoqchimi? Kuyovni yoqtirmaydimi?
- Qizingiz yosh, chiroyli ekan, - dedi Omonullo undan ko'z uzmagan holda. - Kuyovingiz rashk qilmasmidi?
- Bilmadim... Qizim siz o'ylagandek chakki yurmagan.
- Men o'ylagan? - Omonulloning tishi zirqirab, jag'ini ushladi. - Men hali bunaqa o'yga kelmadim.
- Savollaringiz g'alati-ku? Surishtirishingiz ham... Qizimning chiroyli bo'lgani bilan nima ishingiz bor?
- Bilib qo'ying, - dedi Omonullo unga qo'lini bigiz qilib, - qizingizga aloqador gap - kattami, maydami farqi yo'q - ishimiz bo'ladi. Sizning ishingiz esa, mening savollarimga to'g'ri javob qaytarish, menga tanbeh berish emas. Tushundingizmi? Avval qamalgan bo'lsangiz bunaqa gaplarni yaxshi bilishingiz kerak. Ana endi ayting: kuyovingiz bilan qizingiz qayerda, qay tarzda tanishishgan?
- Bilmayman. Qizimni qayerdadir ko'rib yoqtirib qolgan ekan. Sovchi qo'ydi. O'rtada nozik odam turgan edi, xo'p, dedik.
- Sovchi kim edi?
- Sovchimi?... U hozir yo'q.
- O'lganmi?
- Nega o'larkan? Qamoqda u. Sovxozimizning direktori edi, tuhmat bilan ketdi.
Omonullo Tursunalining ismi-nasabini yozib olish chog'ida ko'z qiri bilan Toshboltaga qarab unda yengil sarosima sezdi. Harholda bularning nikohida bir sir bor, - deb o'yladi u. - Yosh, go'zal qizning bunaqa taviyaga ikkinchi xotin bo'lib tegishi qiziq...
Omonullo Tursunalini surishtira boshlaganida Toshboltaning ovozida hadik sezildi, barmoqlari esa yengil titradi. Hali bu bechora ota bilan ko'p otamlashamiz, bugunga shu ham yetar, degan fikrda daftarchasini yopib cho'ntagiga soldi-da, Endi bardam bo'laverasiz, Xudo sizga sabr bersin, deb yana bir marta ta'ziya bildirdi. So'ng doktiloskopistning ishini birpas kuzatgan bo'lib, tashqariga chiqdi. Zina panjarasiga suyanib pichirlashib turgan uch ayol bilan qaytadan salomlashdi.
Omonullo xotinlar bor joyda bizga ham, sudga ham hojat yo'q, deb hazillashardi. Bu hazil bejiz emas. Jinoyat yuz bergan yerda kim birinchi paydo bo'ladi? Militsiyami yoki xotinlarmi? Militsiya jinoyatchini haftalab yoki oylab qidirib topadi. Sud ishni haftalab o'rganadi. Xotinlar esa bu yumushlarni bir necha daqiqada, nari borsa bir soatda og'izlari bilan boplab bajarib qo'yishadi. Hamisha qosh-qovoqqa qarab yashovchi ma'suma ayol ham bunaqa paytda siz aralashmang! deb erini uyiga kiritib yuboradi. O'zi esa norasmiy sud hay'ati a'zosi sifatida faoliyatini boshlaydi. Bu safar ham yozilmagan qoida amal qilgan, guvoh sifatida faqat xotinlar to'planishgan edi.
Omonullo ostonada paydo bo'lishi bilan ko'rinishi King Kongning uzoq qarindoshlarini eslatuvchi xotin ovozini sal balandlatib Otish kerak, - dedi. So'ng qanday otish lozimligini ham aniqlab berdi: - Stadionga yuz ming odamni to'plab, peshonasidan otish kerak. Televizorga ham olib berish kerak.
Omonullo suhbatni ana shu og'zi botir xotin bilan boshladi:
- Qaysi xonadonda yashaysiz, opa? - deb so'radi u cho'ntagidan daftarcha chiqarib.
- Mening uyim bu yerda emas, magazinning tepasidagi do'mda turaman, - dedi ayol.
- O'lganlarni tanirmidingiz?
- Yo'q-a, men nonga chiquvdim. Xotinlar gapirayotgan ekan, kelaverdim-da.
- O'ldirgan odamni ko'rdingizmi?
- Voy, nega men ko'rar ekanman?
- Kimni peshonasidan otmoqchisiz?
- O'sha o'ldirgan odamni-da.
- Kim u?
- Bilmayman.
- Non oldingizmi?
- Non? Nimagaydi?
- Eringiz nonsiz och o'tiribdi. Boraqoling.
- Voy, savil, meni tergaydigan ham, och o'tiradigan ham erim yo'q, Xudoga shukr. Haydamasangiz ham ketaman. Sassig'ini hidlab turishga ko'zim uchayotgani yo'q! - Shunday deb ming'irlaganicha zinadan pastga tusha boshladi.
- Biz bilganlarimizni yordamchingizga aytdik, - dedi ayollardan biri.
- Biz guvoh ekanmiz, ismlarimizni ham yozib oldilar, - dedi ikkinchisi.
- Nimalarni bilasiz? Nimalarni aytdingiz?
Ularning bilganlari: Nafisa qo'ni-qo'shnilarga uncha aralashmaydigan yovvoyiroqmi yoki kibrlimi ayol. Ishga borish-kelishida yo'lakda yoki ko'chada ko'rishsa ko'rishardi, bo'lmasa yo'q. Bozor-o'char qilganini, qo'llari tolib sabzi-piyoz ko'tarib kelganini yoki do'kondan non olganini birov ko'rmagan. Er-xotinning urishganlari u yoqda tursin, gap talashishganini ham eshitishmagan. Faqat ikki oymi, uch oymi avval bitta xotin kelib janjal qilganday bo'libdi. Mana shu so'nggi xabarda, Omonulloning nazarida, jon borday sezildi.
- Qanaqa xotin edi? - deb aniqlamoqchi bo'ldi.
- Biz tengi, o'rta yosh,- dedi Omonulloga yaqin turgan ayol. So'ng chiroylikkina deb alohida izoh berdi.
- Kimligini bilmaysizmi?
- Yo'-o'q, tanimaymiz u xotinni. O'sha kuni men qizimni kuzatgani chiquvdim. Shu yerda ro'para bo'lib qoldim. Yonida bir erkak ham bor edi. Erkagini sal tanidim. Oldingi eri bilan kelib turardi.
Keyingi gap Omonullo uchun kutilmagan bo'ldi:
- Oldingi eri? - deb har ikki ayolga bir-bir qarab oldi. - Samandar Ochilov ikkinchi erimi?
- Oldingisini erimas, devdingiz? - dedi gapga qo'shilmay turgan ayol.
- Bir pas jim turing, endi, - deb jerkidi Omonullo bilan gaplashayotgani. - O'lgan odamlar haqida yomon so'z aytilsa gunoh bo'larkan. Erimi yo boshqasimi, kimligini ukamning o'zlari ajratib oladilar. Bu uyni olishganiga ancha bo'lgan. Avval muqim yashashmas edi. Birinchi eri bilan kelib-ketib yurishardi. Bir marta suv toshirib yuborib, pastdagilarning rasvosini chiqarishgan. Birinchi eri mard ekan, chiroyli qilib tuzatib berdi.
- Birinchi erining otini bilmaysizmi?
- Kim so'rabdi, deysiz. Ikkinchisi bilan muqim yashayotgani uchun sal-pal taniymiz. Lekin bu ikkinchi erining ham yo'q bo'lib ketadigan odati bor.
- Janjal qilgan xotinni kundoshi devdingiz, a? - deb gapga qo'shildi nariroqda turgan ayol.
- Unaqa demaganman.
- Voy, devdingiz-ku...
- Demadim, o'xshatuvdim. Nafisaning anavi baqiroq otasi gapirib qoldi-da, Bu yerda ering yo'q, ering Sibirda, dedi. Qizimni kuzatib kelayotsam yana shu xotinga ro'para bo'ldim. Men tilanchi emasman! deb eshikni qarsillatib yopdi. Yuragim chiqib ketay dedi.
- Sherigi-chi? - deb so'radi Omonullo.
- Qaysi sherigi? Ha, anavi erkakmi? Uni ko'chada ko'rdim. U uyga kirmagan shekilli.
- Keyingi bir haftami, o'n kundami notanish odamlar kelib-ketishmadimi?
- Buni biz bilmaymiz, oposi. Bizning gap poylaydigan odatimiz ham, vaqtimiz ham yo'q. Bu do'mga, ro'paradagi do'mga kim kelib-ketayotganini bilsa, Abduqayum biladi.
- Kim u?
- Tepadagi qavatda bitta bola bor. Belidan pasti ishlamaydi. Uzzu-kun aravachasida o'tirib olib, ko'chaga qaragani qaragan. Bir xil paytda suratga ham oladi.
- Samandar Ochilovni oxirgi marta qachon ko'rdingiz? O'n kun bo'ldimi yo yigirma kunmi?
- Voy, nega o'n kun bo'larkan? Uch kun yoki... ikki kun bo'ldi. Yo'lakdan chiqaverishda ro'para kelib qoldim. Salom bersam alik olmadi. Men ranjimadim. Shunaqa telba-teskari odati bor odam-da u. Bir hil paytda o'zi salom beradi, bir xil paytda xo'mrayib o'tib ketadi.
- O'sha kuni Nafisanimi yo o'ldirilgan yigitnimi ko'rmadingizmi?
- Yo'-o'q ko'rmadim...
Narida turgan ayolning yerga qaraganini sezgan Omonullo undan alohida so'radi:
- Siz ham ko'rmadingizmi?
Ayol unga qaramagan holda past ovozda yo'q, deb qo'ydi. Undagi o'zgarish Omonulloning diqqatidan chetda qolmadi. Vaqti kelganda oydinlashtiraman, degan maqsadda sir boy bermadi.
Uning sezgisi aldamagan edi: ayol uch kun oldin Nafisani bu yigit bilan ko'rgan, juvon o'lgur eri yo'g'ida o'ynashini boshlab keldi, deb sirdosh qo'shnisiga aytgandi. Hamma gapni aytaverib keyin balolarga qolmaslik uchun ikkovi ham jim qolishni ma'qul ko'rishdi.
- O'ldirgan odamni topsangiz otiladimi? - deb so'radi Omonulloning savollariga javob berayotgan gapdon ayol.
- Siz otilsin, desangiz, otildai.
- Voy, menga nima, battar bo'lmaydimi! Endi ketaveraylikmi?
- Yana ozgina turing, iltimos. Ekspertlarning ishi chiqib qolishi mumkin.
Omonullo shunday deb ayollar aytgan bola bilan uchrashish niyatida yuqoriga ko'tarildi. Eshik qo'nQiroQi tugmasini bosishga ulgurmay ichkaridan:
- Kiravering, eshik ochiq, - degan ingichka, ammo jarangli ovoz eshitildi.
Omonullo bu taklifga binoan eshikni ochib, ostona hatlashi bilan o'sha ovoz poyabzalni yechish lozimligini eslatdi. Bir necha nafaslik sukutdan so'ng esa, Endi to'g'ridagi xonaga kiravering, deb taklif etdi.
To'g'ridagi xona eshigi lang ochiq edi. Omonullo ostona hatlay turib beixiyor o'ng tomonga qaradi: enli deraza yonidagi kichkina karavotda boshi katta odamlarniki kabi, bo'ynidan boshlab to oyog'ining barmoqlarigacha to'rt yashar go'dakni eslatuvchi, bola desa bolamas, yigit desa yigit deyish mushkul bo'lgan, qo'llariyu yelkalari chandib bog'langan bir odam yostig'iga suyanib, chordona qurib o'tirardi. U salom bergach, ko'z ishorasi bilan stulni ko'rsatib Marhamat, o'tiring, deb iltifot qildi. So'ng:
- Abduqayum Mahkam, - deb o'zini tanitdi. - Uzr, siz bilan qo'l berib ko'risholmadim. Falokatni qarang, suyaklarim sal ezilibdi. Chiqib kelayotganingizni oyoq tovushlaridan bildim. Xudo menga gavda bermagani bilan quloq bergan. - U shunday deb kuldi. Uning kulgisi beg'ubor, ko'z boqishlarida esa mas'udlik bor edi. Qorachadan kelgan bu yigitchaning yuzlarida Omonulloni ajablantirgan bir nur zohir edi. Ajablantirgan deyilishining boisi - bu nur iymon nuri deyilarki, bu marhamatga, bu ajrga qanday amallar evaziga yetishmoq mumkinligini Omonullo hali bilmas edi. Shu bois ham bunaqa ahvoldagi odam ham baxtiyor bo'luvi mumkinmi? degan fikr xayolini bir yoritib o'tdi.
- O'tgan kuni fotoapparatni sozlayman, deb yiqilib tushdim. Falokatni qarang-a!
Omonullo deraza tokchasidagi teleob'ektivli foto-apparatga nazar tashlab qo'ydi. Buni sezgan Abduqayum:
- Bu mening ovunchog'im, - deb izoh berdi. So'ng mehmondan nigohini uzmagan tarzda: - kelishingizni bilardim, - dedi.
- Qiziq... qanday bila qoldingiz? Folbinlik ham qo'ldan keladimi?
- Yo'-o'q, - Abduqayum yana kuldi. - Bunaqa gunoh ishlardan Xudo asrasin. Diqqat qiling-a, atrofimizda sodir bo'layotgan yoki endi bo'luvchi har bir voqea bir-biri bilan mantiqan bog'langan. Biz faqat bunga e'tiborsiz yuramiz. Mantiqan bog'lanuvchi voqeani biz ko'pincha tasodif deb bilamiz. Sizning bu uyga kirishingiz tasodifmi yoki mantiqan bog'langan voqealar zanjirining bir halqasimi? Yoki: siz tekshirayotgan qotillik tasodifmi yoki bir umrning mantiqiy yakunimi? Siz bilan men uchun bu fojia kutilmagan tuyuladi. Aslida-chi? Olloh hamma narsani mantiq iplari bilan bog'lab tashlagan.
Omonullo bu gaplarni eshitib lol qoldi. Gavdaning o'rniga quloq bergan, deydi. Quloq emas, aql bergan ekan-ku, deb o'ylab, uning gaplarini jimgina tinglayverdi. Abduqayum esa jiddiylashib borayotganini anglab, shirin jilmaydi:
- Mana, qarang, ajal tig'i ikki kishini o't o'rganday oldi-ketdi. Kasallik bilan jon berishsa birovning, ayniqsa, sizning ishingiz bo'lmas edi. Ular o'ldirilibdi. Aslida ularning rizqi tugagan. Olloh ularning jonini alohida, alohida, biron xastalik bilan olinishini ixtiyor etishi mumkin edi. Yo'q, Yaratganning xohishi aynan shu bo'ldi. Balki ular shunga yarasha gunoh qilgandirlar. Balki Robbimiz ularning bu holatini boshqalarga o'rnak qilib ko'rsatmoqchi bo'lgandir. Buni bilmaymiz. Bilganimiz - zulm sodir bo'ldi. Zulm bo'lgach, militsiya keladi. Militsiya kelgach, albatta, qo'shnilar bilan gaplashadi. Qo'shnilar kim? Albatta, hamma narsadan xabardor bo'lishni istaydigan mening mehribon opoqilarim. Ular esa, bilgan-bilmaganlarni qalashtirib aytib tashlashgach, oxirida mening ismimni tilga olishadi. Bilsa shu bola biladi, deyishadi. Opoqilarim tushmagurlar meni ko'chani kuzatishdan boshqa tashvishi yo'q, deb o'ylashadi. Bozor-pozorga tushib chiqishgandan so'ng Biznikiga hech kim kelmadimi? deb so'raydigan odatlari bor. Militsiyaga ham menga o'xshagan odam kerak. To'g'rimi? Ana endi siz uch kun oldin begona odam ko'rinmadimi? deb so'raysiz.
Omonullo Hozirgi yoshlar urdi-surdi kinolarni ko'raverib, kitoblarni o'qiyverib, hammalari izquvar bo'lib ketishgan, deb o'ylab, jilmayib qo'ydi.
- Ha, so'ramaysizmi? - dedi Abduqayum uning jim turganidan ajablanib.
- So'ramasam-chi? - dedi Omonullo kulimsiragan holda.
- Unda mantiq zanjiri uziladi: so'ramasangiz bu uyga kirmas edingiz. Siz mening qoshu ko'zimni ko'rgani kirmagansiz, to'g'rimi?
- To'g'ri. Lekin men sizdan boshqa narsani so'rayman: uch kun oldin pastdan shovqin eshitilmadimi?
- Qanaqa shovqin?
- Masalan, erkak-ayolning janjalimi...
- Yo'q.
- Avvalroq-chi?
- Avval?.. Yo'q. Qotillik er-xotinning janjali oqibati desangiz yanglishasiz. U yer sokin xonadon edi.
- Lekin begona odamlar kelib turishgan ekan?
- Siznikiga kelishmaydimi? Mantiqning ildizi qayerda? Gap begonalarning kelishida emas, qanday maqsadda kelishida!
- Aytaylik... maqsad fahsh bo'lsin.
- Fahsh? Oshirib yubordingiz. Nafisa opa fohisha bo'lganida opoqilar adabini berib qo'yishardi.
- Lekin ular gaplarida shunga shama' qilishdi.
- Birinchi eri bor, deyishgandir yoki o'ynashi deyishgandir? Bilaman bu gaplarni. O'sha odamni taniyman. Lekin u anchadan beri ko'rinmay qoldi. Uch kun oldin kelgan yigit o'ynash bo'lmasa kerak.
- Demak, ularni ko'rgansiz? Bu odamni tanirmidingiz?
Bu savolni eshitib Abduqayumning chehrasi yorishdi:
- Baribir so'raysiz, dedim-a! - Shunday deb kuldi. So'ng jiddiylashib bosh chayqadi: - Yo'q, uni tanimadim.
- Unda nimaga asoslanib o'ynash emas, deyapsiz?
- Yurishlari xotirjam edi. Hech qayoqqa alanglamay to'g'ri yurib kelishdi. O'ynash bo'lsa, birov kuzatmayaptimi, tanishlarim ko'rib qolmasin ishqilib, deb xavotirlanadi. U yoq-bu yoqqa qarayveradi. Hech bo'lmasa, yo'lakka kirishdan oldin orqasiga o'giriladi. Yo bo'lmasa, ayol kirib ketadi, sal o'tmay o'ynash kiradi.
- Siz bu gaplarni qayerdan bilasiz? Xuddi butun umr o'ynashlarni kuzatib yurgan izquvarga o'xshab gapiryapsiz?
- Bularni bilish uchun unchalik ko'p aql zarur emas.
- Boshqacharoq holat ham bo'lishi mumkinmi?
- Albatta-da! Siz bilan biz begona ko'zlarni chalg'itishning mingta usulini sanab o'tirganimizda qaysi bir uyda o'ynashlar bizning xayolimizga ham kelmagan ming birinchi usulda ishlarini boshlayotgandirlar.
- Ha, fikringiz mantiqan to'g'ri. U holda, ayol eri yo'q paytda begona erkak bilan nima maqsadda kelishi mumkin?
- Bunisini bilmadim. Bu faqat o'zlariga ma'lum edi. Afsus shuki, o'liklar gapirishmaydi.
- Ha, ayniqsa, biz uchun afsus aynan shunda, - deb Abduqayumning fikrini tasdiqladi. Omonullo. - Ular o'zlari bilan juda ko'p sirlarin olib ketadilar.
- Qabr - dunyo manzilining oxiri. Oxirat esa, manzilning boshidir. Modomiki, barchamiz qabrga kirar ekanmiz, qanday qilib kayfu safoga berilib, rohat-farog'atda yuribmiz?
Omonullo Bunchalar aqlli ekan, bu yigitcha, deb o'yladi. Abduqayum unig fikrnii o'qiganday kulimsiradi:
- Aka, bu mening gaplarim emas. Bir valiulloh aytib o'tgan ekanlar. Shoshilmayotgan bo'lsangiz, yana bir fikrimni aytaman. Faqat bekorchi gap deb o'ylamang. Shu ishingizga aloqador bo'lgani uchun aytmoqchiman. Demak, gap bunday: dunyo nimadir? Dunyo - o'tkinchi bir mehmonxonadir. Dunyodagi eng ulug' boylik nimadir? Dunyoga berilmaslikdir. Dunyo boyligini afzal bilgan kishi zillatga, xorlikka, mol-dunyo to'plagan kishi esa qashshoqlikka giriftor bo'ladi. Dunyo nimaga o'xshaydi? Dunyo - yasatilgan kelinchakka o'xshaydi. Ko'zlar unga termulgan, qalblar esa mushtoqdir. Yasatilmish kelinchakka kimlar oshiq? Shubhasiz NAFS oshiqdir. Bu kelinchak oshiqlarning barchasini halok etadi. Hayotdagi tiriklar o'liklardan, keyingilari oldingilaridan ibrat olmayaptilar. Uch xususni unutmaslik kerak: dunyoning o'tkinchi ekanini, ne'matlarning ham o'tkinchi ekanini, muqarrar o'limning haq ekanini.
Abduqayum bu gaplar ta'sir qildimi, maqbul bo'ldimi? degan savol nazari bilan Omonulloga tikilib qaradi. Uning gaplariga mos ravishda nazari ham o'tkir edi. Omonullo unga tik qaray olmadi.
- Yaxshi gaplarni aytgan ekan.
- Lekin... - Abduqayum kulimsiradi. - Hozir bu gaplarni eshitishga fursatingiz yo'q. Ko'nglimni og'ritmaslik uchun indamay tinglayapsiz. Balki menga rahmingiz kelayotgandir? Sizdan iltimos, rahmingiz kelmasin. Men o'zimning shu taqdirimdan ham roziman. Harholda ko'ryapman, eshityapman, gaplashyapman. Axir ko'rmaydigan, eshitmaydigan, tili aylanmaydiganlar ham ko'p-ku, to'g'rimi? Tan olaman, bir oz ezmaroqman. Lekin laqma emasman. So'rang, so'rayvering.
- O'sha kunimi, oldinmi yo keyinmi Samandar Ochilov kelmadimi?
- Keldilar. O'sha kunning o'zida bir ko'rindilar. Novvotrang Volgada keldilar. Shoshib tushib, shoshilib yo'lakka kirdilar. Mashinada bitta harbiy odam ham bor edi. Pogoni ko'k, polkovnik. Ular ham shoshib turishgan ekan.
- Buni qayerdan bildingiz?
- Haydovchi uch marta signal berdi. Uchinchisida polkovnik eshikni ochib pastga tushdi.
- Ochilov taxminan qancha vaqt qolib ketdi?
- Taxminan yarim soatcha.
- Boltayeva bilan Ibrohimov bu paytda uyda bo'lganlar, shundaymi?
- Shundayga o'xshab qoldi.
- Ochilov shoshib kirgan ekan, qaytishda-chi? Qanaqa ahvolda qaytdi, kiyim-boshlarida o'zgarish bormidi?
- Kiyimlarida o'zgarish sezmadim. Lekin sekin-sekin yurib chiqdilar. Qo'llarida diplomat bor edi. Polkovnik bir nima devdi, unga javob qaytarmasdan indamay mashinaga o'tirdilar. Mashina yurishidan oldin derazalariga bir qarab oldilar. Lekin siz bundan darrov bir xulosa chiqarmang.
Abduqayumning keyingi gapi Omonulloga malol keldi.
Qimmatli maslahatingiz uchun rahmat, uka, deb piching qilmoqchi edi, tishi zirqirab, gapirtirmay qo'ydi. Mehmonning afti burishganini ko'rgan Abduqayum chegaradan chiqqanini fahmlab, uzr so'radi:
- Gaplarimdan xafa bo'lmang, aka, mantiqan olib qaralsa, er qotil degan xulosa kelib chiqadi. Lekin bunaqa olim odamlarda rashk kuchli bo'lmaydi. Ular odam o'ldira olishmaydi. Nari borsa bir shapaloq urib, to'nni yelkaga tashlab chiqib ketishadi.
Abduqayumning gaplarida jon bo'lsa ham Omonulloga malol keldi. Bir yigitchaning yoshi ulug' odam kabi fikr yuritishi, unga aql o'rgatishi g'ashini keltirdi. Abduqayumning tug'ilib, tilga kirganidan beri o'z tengdoshlari bilan o'ynab-kulolmay, yotgan yerida faqat kattalar bilan suhbatlashishi oqibatida shunday sergap, shunday maslahatgo'y bo'lib qolganining fahmiga yetmadi. Bu xonadonga kirib Abduqayum bilan suhbatlashgan har bir odam istasa-istamasa uning ko'ngliga qarashga majbur bo'lar edi. Omonullo garchi g'ashi kelgan bo'lsa-da, bu yozilmagan qoidaga beixtiyor bo'ysundi. O'zini kulimsirashga majbur etib:
- Sizdan xafa bo'lgan - o'g'ri, - deb hazil qildi. So'ng jag'ini ushlab, izoh berdi: - Tishim og'riyapti.
- Tishingiz og'risa do'xturga bormang. Men sizga davolashning osongina yo'lini o'rgataman. Tish nimaga og'riydi? Sovuq tekkani uchun. Sovuqni qanday haydaysiz? Bitta piyolani olib, ichiga yog' surasiz-da so'ng qizdirasiz...
Hozirgina yigitchaning o'ta dono ekanligidan g'ashlana boshlagan odam endi bu gaplarni jon qulog'i bilan eshitdi. Maslahat so'ngiga yetguniga qadar nima maqsadda bu yerga kirganini unutdi. Yigitchaning maslahati bu safar moydekkina yoqdi. Afsuski, hozirgi tashvish bilan yaqin soatlarda uyiga borolmaydi. Kechasi ham borish nasib etadimi yo yo'qmi - Xudo biladi. Ishdan holi bo'lganida hoziroq borib shu yigitcha aytganday piyolani qizdirib, chap qulog'ini qo'yib yotarmidi, og'riq qaytib ko'zlari moshdek ochilarmidi...
Omonullo maslahatlar uchun rahmat aytib, o'rnidan turdi.
- Telefoningizni ayting, qo'lim tuzalsa qo'ng'iroq qilaman. Balki yangi gaplar esimga tushib qolar?
Omonullo yon daftarchaga telefon raqamlarini yozayotganida Abduqayum yana donoligini boshladi:
- Amerikada shunaqa jinoyat yuz bersa qotilni topgan odamga yoki xabar bergan odamga shuncha ming dollar mukofot deb televizorlarida e'lon qilinadi. Shuning uchun ularda jinoyatchi tez topiladi.
Xuddi Amerikada yashaydigan odamday gapiradi-ya! deb o'yladi Omonullo. Abduqayum esa davom etdi:
- Sizlar esa hammasini tep-tekinga bajarmoqchi bo'lasizlar. Shuning uchun odamlar sizlardan qochadi. Ish yolg'iz o'zlaringizga qolib ketadi. Bunaqa ishda sizga nisbatan guvohlarga qiyin. Guvoh jonini garovga qo'yib aytadi aytadigan gaplarini. Yo noto'g'rimi?
-To'g'ri, - dedi Omonullo daftarchasidan sahifani yirtib olib unga uzatar ekan. - Mana shu ishni yumaloq-yostiq qilaylik, keyin ikkalamiz Amerika politsiyasiga borib ishlaymiz. Topganimiz - o'rtada, kelishdikmi?
Bu gapni eshitib Abduqayum kulib yubordi. Uning kulgisi yosh bolaning kulgisiday jarangdor va samimiy edi.
Omonullo bu xonadondan dastlabki gumoniga quvvat olgan holda chiqdi. Qotil qiznig otasi bo'lishi ham mumkin, degan yana bir gumoni olinajak ma'lumotlardan so'ng haqiqatga yaqinlashganday bo'ladi. Bugun esa qora ro'yxatga birinchi bo'lib Nafisaning eri Samandar Ochilov yozildi.
Odatda biron ayol qoqilib tushib jon bersa ham eri urib o'ldirgandir deb gumon qilinadi. Shunday ekan, Samandarning gumon o'qiga nishon bo'lmog'i tabiiy hol. Agar tibbiy ekspert qotillik ikki yoki to'rt emas, aynan uch kun oldin yuz bergan deb tasdiqlasa, unda Samandarning boshiga balo toshlari yog'ilishi tayin. 
